AQSH kosmik kuchlarini Rossiya va Xitoyga qarshi urushga tayyorlay boshladi
Shu maqsadda uning byudjeti oshirilgan.

AQSH mudofaa vazirligi mamlakat Kosmik kuchlarini Xitoy va Rossiya bilan ehtimoliy nizoga tayyorlay boshladi. RF va XXR tomonidan sunʼiy yo‘ldoshga zarar yetkazuvchi lazer va raketalar tizimini kengaytirish fonida ushbu qarorga kelingan.
The Wall Street Journal (WSJ) maʼlumotlariga ko‘ra, Oq uy kosmik kuchlarning yillik byudjetini 30 milliard dollarga yetkazmoqchi. Bu 2021 yilga nisbatan 4 milliardga ko‘p. Bayden maʼmuriyati harbiy-havo va harbiy dengiz kuchlarini ham mustahkamlashni taklif qilgan.
Xarajatlarning oshishi kosmik kuchlar tarkibida xizmat qilayotgan harbiylar sonini 16 mingga oshirish imkonini beradi. Ular uchun kosmosda jang qilishni o‘rgatadigan maxsus trenajyorlar sotib olinadi, shuningdek, sunʼiy yo‘ldoshlar, yerusti kommunikatsiyalari va sensor qurilmalar bilan ishlash o‘rgatiladi.
WSJ‘ning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar jangovar kosmik kemalarni qurish g‘oyasidan voz kechgan, chunki ularning moddiy-texnik bazasi juda qimmatga tushishi mumkin.







