Sunʼiy intellekt sabab 300 millionga yaqin ish o‘rni yo‘qolib ketishi mumkin
Tahlilchilarning fikricha, ChatGPT kabi tizimlar mehnat unumdorligini yiliga 1,4 foizgacha oshiradi.

Amerikaning Goldman Sachs banki yaqin 10 yil ichida sunʼiy intellekt tufayli jahon mehnat bozorida 300 millionga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qolishini bashorat qildi. Bu haqda bank tadqiqotiga asoslanib, Bloomberg xabar bermoqda.
Tahlilchilarning fikricha, ChatGPT kabi tizimlar mehnat unumdorligini yiliga 1,4 foizgacha oshiradi. Dunyo bo‘ylab firmalarning kamida yarmi sunʼiy intellekt texnologiyalariga o‘tgandan so‘ng, taxminan 10 yil ichida dunyo yalpi ichki mahsuloti 7 foizga oshadi.
Shuningdek, tahlilchilar AQSHdagi har 10 ishchidan yetti nafari o‘z ishida sunʼiy intellekt taʼsiriga uchrashini qo‘shimcha qilgan. Biroq faqat bir nechtasigina ishini tamomila yo‘qotishi mumkin. Sunʼiy intellekt ko‘proq ofis ishchilari va yuridik xodimlar o‘rnini bosishi kutilyapti.







