Dunyoning eng boy davlatida jamoat transporti bepul: bu natija berdimi?
2020-yilda Lyuksemburgda jamoat transporti bepul qilib qo‘yildi. Ushbu amaliyot hamon davom etmoqda. Bunga sabab bo‘lgan omillar nima edi?

Lyuksemburg 2020-yilda barcha jamoat transportida yo‘lkiralarni bekor qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Oradan uch yil o'tgach, aholi ushbu sxemadan mamnun.
Ularning fikricha, bunday tizim "oson sayohat qilish" imkonini beradi, shuningdek, atrof-muhitga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Lyuksemburg jamoat transportini bepul qilishining o'ziga xos sabablari bor.
Ushbu sxema qisman mamlakatdagi avtomobil muammosini hal qilish uchun joriy qilingan.
2020-yilda Lyuksemburg Yevroittifoqda avtomobil zichligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi, har 1000 kishiga 696 ta mashina to‘g‘ri keladi. Natijada, mamlakat transport harakatining yomonligi va atmosferaga chiqindi gazlar miqdori yuqoriligidan aziyat cheka boshlagan. Jamoat transportining bepul qilinishi ortidan fuqarolar shaxsiy mashinlarini qoldirib, manzillariga jamoat transportida borishni afzal ko'rishdi.
Biroq ba'zilarning aytishicha, yo'llarda haligacha mashinalar ko'p.
Sxema COVID pandemiyasi davrida joriy qilinganligi sababli uning ta'sirini o'lchash oson bo'lmadi.
Lyuksemburglik fuqaro Ben Dravitskiy shunday deydi:
"Bu yaxshi tashabbus. Transport - bu aholining asosiy huquqlaridan biri. Agar sizda ishlash huquqi bo'lsa, siz ham qo'shimcha to'lovlarsiz ishga borish huquqiga egasiz".
Lyuksemburgning bepul transport sxemasi qanday ishlaydi?
2020-yil 29-fevraldan jamoat transportining barcha turlari, jumladan, avtobuslar, poyezdlar va tramvaylar ham aholi, ham sayyohlar uchun bepul bo‘ldi.
Sxema butun mamlakat bo'ylab ishlaydi, yo'lovchilar faqat birinchi klassda sayohat qilishni xohlasalar chipta sotib olishlari kerak.
Lyuksemburgda chiptalar daromadi ilgari yiliga 41 million yevroni tashkil etgan, bu mamlakatning butun jamoat transporti tizimining 500 million yevrodan ortiq operatsion xarajatlarining kichik bir qismidir. Kamomad, asosan, yuqori daromadga ega bo'lgan soliq to'lovchilar tomonidan qoplanadi.
"Bu katta xarajatlar, lekin... ularni soliq to'lovchilar to'laydilar, - deb tushuntiradi Lyuksemburg Bosh vaziri o'rinbosari Fransua Baush.
Natijada mamlakat transport tizimiga sarmoya kiritish sekinlashgani yo‘q. Yangi tramvay tizimi ishonchli ishlaydi.
Mamlakat temir yo'l tarmog'ini yaxshilashga rekord darajadagi investitsiyalar kiritdi.
Lyuksemburg jamoat transporti orqali Yevropaning boshqa qismlari bilan yaxshi bog'langan. Mamlakat Fransiya bilan temir yo'l aloqalariga ega. Parijga poyezdda atigi ikki soatlik yo'l. U Germaniya bilan ICE tezyurar poyezdlari orqali ham bog‘langan.
Poyezdlar Lyuksemburgdan Belgiya poytaxti Bryusselga har ikki soatda qatnaydi.
Chegara shaharlari aholisi ham bepul transportdan foydalanadi.
Boshqa manbalardan olingan dalillar shuni ko'rsatadiki, bepul transportning barqarorlikka ta'siri minimal bo'lishi mumkin. 2013-yilda bepul jamoat transporti joriy etilganidan beri Estoniya poytaxti Tallinda avtomobillardan foydalanish, aksincha, ko‘paygan.







