Prezident Qoraqalpog‘istonda millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi
Davlat rahbari shu yerda madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qildi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘ldi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘istonda ko‘plab millat vakillari ahil va totuv yashamoqda. Dasturda shu jihat ta’sirchan talqinlarda ifodalandi. Xalq dostonlaridan parchalar, “Shag‘ala”, “Dembermes”, “Nigarim” kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli va Abay ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov qalamiga mansub “Tug‘ishganlik” she’ri va “O‘zbekiston” qo‘shig‘ida millatlararo totuvlik, og‘zibirchilik, tinchlik qadri tarannum etildi.
Prezident shu yerda qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar, madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qildi. Badiiy dasturni yuqori baholadi.







