248 kishini “uxlatgan” firibgarlar sudda jazavaga tushdi — video
Ular fuqarolarga 2 haftada mashina tayyorlab beramiz deya, kredit evaziga mashina olib berishni vaʼda qilgan.

Toshkent shahrida fuqarolarni aldab, ularning 12 mlrd so‘m pullarini o‘zlashtirgan firibgarlarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, ular fuqarolarga avtotransport vositalarini kredit evaziga olib berishni vaʼda qilib, to‘lovlarni olgandan so‘ng nom-nishonsiz yo‘qolib qolgan. Mijozlar Cobalt, Nexia 3, Jentra, Malibu va Isuzu rusumli avtomobillarni olish ilinjida to‘lov qilib, na mashinaga ega bo‘lishgan va na pullarini qaytarib olishgan.
"Bizga 2 haftada mashina tayyorlab beramiz, deya vaʼda bergan edi. Mana oradan 2 yil o‘tdi. Hech birimiz hech qanday mashina olganimiz yo‘q", — deydi jabrlanuvchi.
Aniqlanishicha, boshlang‘ich to‘lov sifatida bank muassasalari orqali qabul qilib olingan jami 12 mlrd so‘m pullar MCHJning korporativ kartasi orqali naqdlashtirilgan. Ular noqonuniy ravishda “UzAvtoPremium” MCHJ va “AvtoAloGroup” MT tashkil qilgan.
"Agar men buni firibgarligini bilganimda bu yerda ishlamas edim", — deydi o‘zini shu MCHJ menejeri deya tanishtirgan sudlanuvchi.
Holat yuzasidan mazkur jinoyat ishi JIB Shayxontohur tuman sudida ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi" a,v" bandilari, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi "a,b" bandlari va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan 29 yoshli yigit 9 yil 6 oy, 26 yoshli yigit 9 yil va JKning 168-moddasi 4-qismi "a,v" bandilari, 228-moddasi 2-qismi "a,b" bandlari, 243-moddasi, 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi "a,b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan 27 yoshli yigit 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
30 yoshli sudlanuvchi qiz esa JKning 168-moddasi 4-qismi "v" bandi va 228-moddasi 2-qismi "a,b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.







