NATOga yo‘l Finlyandiya uchun ochiq
Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga aʼzo bo‘lishini maʼqulladi.

Turkiya parlamenti kecha, 30 mart kuni Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi.
Turkiya ittifoqdagi 30 davlat ichida Finlyandiyaning unga kirishini ratifikatsiya qilmagan oxirgisi bo‘ldi. Bu jarayon Vengriya parlamenti tomonidan o‘tgan hafta amalga oshirilgan edi.
Shu tariqa Finlyandiyaning Shimoliy Alyansga kirishi uchun to‘siq qolmadi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Shvetsiya va Finlyandiya NATOga aʼzo bo‘lish uchun ariza bergan edi. Biroq rasmiy Anqara Shvetsiyaning ittifoqqa kirishini ratifikatsiya qilishni istamayapti.
Yanvar oyida Erdo‘g‘on Shvetsiya Turkiyadan NATOga aʼzolik borasida xayrixohlik kutmasligi kerakligini aytgandi.







