Toshkentning drenaj tizimini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berildi
Qurilish vazirligi va poytaxt hokimligiga ikki haftada ushbu masalaning yechimi yuzasidan dastur qabul qilish yuklandi.

Bugun, 5 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘qligi tanqid qilindi. Maʼlum qilinishicha, o‘tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.
Mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
So‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilyapti. Shu bois, 1 maydan boshlab qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi.
Ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “b” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Yog‘ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani taʼkidlandi. Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.
Yig‘ilish davomida kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.








