OPEK jamg‘armasi O‘zbekistonga 40 million dollar ajratadi
Bu mablag‘lar evaziga yurtimizda ikkita shamol elektr stansiyasi quriladi.

BAA axborot agentligi “WAM”ning maʼlum qilishicha, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistonda shamol energiyasidan foydalanadigan ikkita elektr stansiyasi qurish, majmuadan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishga hissa qo‘shish uchun 40 million dollarlik ikkita kredit ajratadi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Bu qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish, energiya majmuasini diversifikatsiya qilish va issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish bo‘yicha mamlakatning salohiyatini oshiradi.
Jamg‘armaning Avstriya poytaxti Vena shahridagi qarorgohi tomonidan eʼlon qilingan bayonotda OPEK Jamg‘armasi Bosh direktori doktor Abdul Hamid Al-Xalifa O‘zbekistondagi tegishli idoralar, xususiy sektor va energetika sohasida rivojlanish bo‘yicha mutasaddilar bilan hamkorlik qilishdan mamnunligini bildirgan. Arzon narxda toza energiya ishlab chiqarish va isteʼmol qilishda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan loyihalarni taqdim etgan.
Abdul Hamid Al-Xalifa, shuningdek, O‘zbekistonning energetika sohasidagi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy sektor ishtirokini oshirish muhimligini taʼkidlagan.







