Samarqandda elektr tarmoqlari korxonasi xodimi pora bilan ushlandi
U fuqaroning mavjud qarzdorligini yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan.

Samarqand shahrida elektr taʼminoti qarzdorligini yo‘q qilib berishni vaʼda qilgan muhandis ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan IIB korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi muhandisi S.b. fuqaro A.Ch.ning xonadonidagi elektr energiyasiga noqonuniy ulanganligi holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik hamda mavjud qarzdorligini yo‘q qilib berish evaziga 4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








