“Kitob — mukammallik kaliti”
Islom sivilizatsiyasi markazida shu nomdagi kitob yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati kuni kecha “Kitob — mukammallik kaliti” ko‘rgazmasida o‘z nashrlarini taqdim etdi. Bu xalqaro ilmiy-maʼrifiy kitob yarmarkasi bo‘lib, unda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning 30 dan ortiq nashriyot-matbaa ijodiy uylari, bosmaxonalar va kitob do‘konlari ishtirok etdi. Ko‘rgazmada Butunjahon jamiyati tomonidan O‘zbekistonning eng boy tarixi va eng go‘zal sanʼat buyumlari aks ettirilgan 74 ta kitob-albom namoyish etildi.


Firdavs Halimov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari:
– Maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga shaxsan alohida eʼtibor qaratayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugungi kunda mamlakatimizda kattalar va bolalarni kitobxonlikka keng jalb etish, kitobga mehr-muhabbatni kuchaytirish, kitobxonlik madaniyati va saviyasini yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday tadbirlar navqiron avlodni o‘z tarixini, ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganishga undaydi.


Akbar Hakimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, рrofessor:
– Madaniy meros taqdimoti uchun matbaa ko‘rsatkichlari darajasi juda muhim va bunday jahon darajasidagi sifat bu yerda mavjud. Poligrafiyaning juda yuqori darajasi ko‘p jihatdan Butunjahon jamiyati aʼzolarining shaxsan dunyoning eng yaxshi muzeylariga tashrif buyurishi, kolleksiyalar va muzey xodimlari bilan tanishishi, fotosuratlar olishi bilan bog‘liq. Bu juda katta, murakkab va qiziqarli loyiha. O‘ylaymanki, u yana-da kengayadi. Men jamiyatga ajoyib madaniy merosimizni keng ommalashtirishda muvaffaqiyatlar tilayman.


Assel Laxayeva, Turk xalqlari tarixi va madaniyati fondi TURKTAF loyihasi koordinatori:
– Bugun O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati nashrlari bilan tanishdim. Bu ajoyib loyiha! Tariximiz, folklorimiz tirik mavjudotdir. Odamlar avloddan-avlodga eng boy madaniy merosni o‘z farzandlari va nevaralariga yetkazsa, bu uning abadiy yashashini anglatadi. Mazkur O‘zbek xalqi madaniyatiga oid kitoblar tufayli kelajak avlod uchun merosni asrab-avaylayotganingizdan chin dildan xursandman. Bizning TURKTAF tashkilotimiz Butunjahon jamiyati bilan memorandum tuzib, tadbir, ko‘rgazma yoki hunarmandlar mahorat darslarini o‘tkazishdan mamnun bo‘ladi.
Ko‘rgazma 7 aprelga qadar davom etadi. Bugun Hazrati Imom majmuasida joylashgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga kelib, Butunjahon jamiyati nashrlari bilan tanishishga ulgurishingiz mumkin.







