Toshkentda yangi kupyuralarni soxtalashtirish holati aniqlandi
Hozirda holat yuzasidan shahar IIBB tergov boshlagan.

Toshkent shahrida pul birligini qalbakilashtirish holati aniqlandi. Holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 27 mart kuni 26 yoshli N. Sh. iPhone 12 Pro rusumli telefon apparatini 5 mln 900 ming so‘mga sotishi haqida eʼlon beradi. Tez orada ushbu eʼlonga notanish yigit qo‘ng‘iroq qilib, telefon apparatini sotib olmoqchi ekanligini maʼlum qiladi.
N. Sh. Yangihayot tumanidagi 3-metro bekati oldida joylashgan avtobus bekatida xaridor bilan uchrashishga kelishadi. Notanish yigit deyarli savdolashmay, kelishilgan pulni N.Sh.ga berib, telefonni olib ketadi.
N. Sh. pullarni sanaganida bir nechta pullarning haqiqiyligiga shubhalangan va bu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilgan.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida N.Sh.dan 10 dona 200 ming so‘mlik va 5 dona 100 ming so‘mlik — jami 2,5 mln so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida olingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu pul birliklari qalbaki ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (“Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








