Toshkentga 200 dan ortiq yangi avtobus keltirildi
Ularning 30 tasi o‘ta katta sig‘imga ega transportlar.

Toshkentga 233 ta avtobus va elektrobuslar olib kelindi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi axborot xizmati.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan poytaxt jamoat transporti uchun 1000 dona avtobus olib kelinishi belgilangandi.
Kecha, 8 aprel kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida «Toshshahartransxizmat» AJ harakat tarkibini yangilash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslarning birinchi partiyasini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Avtobuslarning birinchi partiyasi 233 dona bo‘lib, shundan 100 tasi YUTONG elektrobuslari, 103 tasi uzunligi 12 metr bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi YUTONG avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli KingLong avtobuslari.
Davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar olib kelinadi.








