O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashmoqda
Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlum qildi.

Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro biznes markazida qator vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik importyorlar, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari egalari, O‘zbekistonning taniqli tadbirkorlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda prezidentning 2023 yil 23 martdagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhokama qilindi.
Bu farmon bilan 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga 2024 yilgacha (yana 2 tasi – 2023 yil 1 sentyabrgacha) bojxona bojining nol stavkasi joriy etiladi.
Tahlillarga ko‘ra, nol stavkalar joriy etilgandan keyingi dastlabki 10 kun davomida (yaʼni joriy yil 4 aprel holatiga) bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi.
“Ayniqsa xurmo – 16 foiz, olma, behi va nok – 42 foiz, konservalangan baliqlar – 50 foiz, mineral suvlar – 40 foiz, oq shokolad yoki tarkibida kakao bo‘lmagan konfetlar – 24 foizga arzonlashdi”, — deyilgan xabarda.
Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi.
Tuzilgan ichki guruh ichki bozordagi narxlar o‘zgarishi dinamikasini monitoring qiladi va ularni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.







