Toshkentda fuqaro ayol shifokor yubormagani uchun tez tibbiy yordam xodimini haqorat qildi
Hozirda unga nisbatan maʼmuriy ish ochilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida fuqaro onasi uchun ayol shifokorlarni yuborishni so‘rab tez tibbiy yordam feldsheriga tahdid qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 1-aprel kuni 1990-yilda tug‘ilgan N.X. onasining salomatligi yomonlashganligi sababli tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, xabarni qabul qilgan dispetcher — 1998 yilda tug‘ilgan G.Z.dan faqat ayol tibbiyot xodimlarini yuborishini so‘ragan. Dispetcher tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ichki qoidalarda bunday talab belgilanmaganligini maʼlum qilib, shu vaqtda bo‘sh ayol shifokorlar brigadasi bo‘lmaganligi sababli birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yaqin brigadani yuborgan. Fuqaro manzilga yetib borgan brigadada erkak shifokorlarni ko‘rib, ularni uyga kiritmay norozilik bildirgan hamda telefon orqali dispetcherni haqorat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan fuqaro N.X.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat qilish”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilgan.








