Toshkentdan “Krasnogorsk” qo‘rg‘oniga avtobus qatnovi tiklandi
Shuningdek, ushbu manzilga Nurafshondan va Parkent tumani markazidan avtobusda borish mumkin.

15-apreldan Toshkent viloyatining Parkent tumani «Krasnogorsk-Qiziltog‘» shaharchasi aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlari ko‘satishni tashkil etish uchun qator yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Krasnogorsk – So‘qoq – Changi – Parkent”, “Krasnogorsk – Yangibozor – Toshkent” hamda “Krasnogorsk – Yangibozor – Nurafshon” shahriga qatnaydigan, uzoq yillar davomida to‘xtab qolgan avtobus yo‘nalishlari faoliyati qayta tiklangan.
VH-405-sonli “Qiziltog‘ qishlog‘i – Parkent ASHB” shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 3 ta harakat jadvallari bilan VH-390-sonli “Nevich mahallasi – Rohat – Qo‘yliq 5-metro bekati (Qiziltog‘ qishlog‘i orqali)” shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 7 ta harakat jadvallari bilan hamda VH-416-sonli “Qiziltog‘ qishlog‘i – Nurafshon ASHB” shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 1 ta harakat jadvali bilan tashkil etilgan.
Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib borish vazifasi “Krasnogorsk Avto Xizmat” MCHJga yuklatilgan. Hozirda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor tomonidan har bir yo‘nalishga 4 tadan transport ajratilgan. Keyinchalik yo‘lovchi oqimini hisobga olgan holda avtobuslar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.
“Ushbu yo‘nalishlarda qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida yurtdoshlarimiz uchun turizm qishlog‘i bo‘lgan Krasnogorsk (Qiziltog‘)ga Toshkent shahri Qo‘yliq mavzesidan, Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi Nurafshon shahridan hamda Parkent tuman markazidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobuslarda yetib olish imkoniyati yaratildi”, — deyiladi xabarda.








