"Aholidan fikrlarni to‘plash bo‘yicha O‘zbekistonning tajribasini dunyo mamlakatlari o‘rgansa bo‘ladi"
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va ahamiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va ahamiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, xalqaro ekspertlar, olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etyapti.

Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari:
Yangilanayotgan Konstitutsiya matni bir guruh olim, mutaxassislar tomonidan emas, balki xalqning, keng jamoatchilikning taklifi va fikri asosida ishlab chiqildi. Konstitutsiyaviy islohotlarning dastlabki ikki bosqichda xalqning fikri, takliflari o‘rganildi va shu asosda Bosh qomus loyihasi tayyorlangani Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.

Odiljon TOJIYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari:
Bosh qomusimizga o‘zgartirishlar kiritish jarayoni o‘zgacha siyosiy muhitda, yaʼni xalqimizning siyosiy ongi, faolligi, huquqiy madaniyati jamiyatda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga monand ravishda o‘sib borayotgan, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik tamoyillari taʼminlanayotgan bir davrda o‘tmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi turli ekspertizalardan, jumladan lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tubdan takomillashtirish uchun sarflangan vaqt – mazkur hujjat loyihasini fuqarolar va ekspertlar hamjamiyati bilan batafsil muhokama qilish imkonini berdi.

Sanjar Hamidullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Bugungi kunda insoniyat o‘z tarixidagi nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Hozirgi vaqtda dunyoda turli kuchlar o‘rtasida qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchaymoqda, resurslar uchun shafqatsiz kurash ketmoqda. Ushbu global vaziyatda O‘zbekiston milliy manfaatlardan kelib chiqib ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni izchil olib bormoqda.

Je Hyok Shin, Koreya universiteti Ijtimoiy masʼuliyat instituti direktori:
Yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada professor sifatida ishtirok etayotganimdan behad mamnunman. O‘zbekiston xalqi uchun muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon arafasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda qatnashish men uchun sharaf. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotida ahamiyati katta bo‘ladi. Parlament vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan normalar meni juda xursand qildi, yangilanayotgan Konstitutsiya bilan O‘zbekiston xalqini tabriklayman.
Roza Jaylobayeva, Qirg‘iz Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Norma ijodkorligi va qonun ustuvorligi instituti direktori o‘rinbosari:
Konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori darajada tashkillashtirish, aholining keng qatlamidan fikrlarni to‘plash bo‘yicha O‘zbekistonning tajribasini dunyo mamlakatlari o‘rgansa bo‘ladi. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida iqtisodiy blok masalalari to‘liq aks etgan. Hattoki monopol faoliyatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri norma borligi eʼtiborga loyiq. Yangilanayotgan Bosh qomusingizning davlat investitsiyaviy muhitni rivojlantirish choralarini ko‘rishi nazarda tutilgan 67-moddasi ham alohida diqqatimni tortdi. O‘zbekistondagi mazkur Konstitutsiyaviy islohot mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonaman.
Jeyms Uorton, Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi:
Dunyo taraqqiyoti o‘zgarar ekan, parlamentlar, qonunlar ham o‘zgarishi kerak. Yangilanayotgan Konstitutsiyada aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan qator normalarni olqishlayman. Qonun ustuvorligi, sayohat, uy-joyga ega bo‘lish, insonlar hayotini yaxshilashga mo‘ljallangan boshqa normalar O‘zbekistonda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.







