“Tabiat resurslari vazirligi faqat jarima undiruvchi organga aylanib qolmoqda”
Zamon.uz so‘nggi vaqtlarda ekologiyamiz bilan bog‘liq salbiy oqibatlar bo‘yicha mutaxassislarning fikrlariga qiziqdi.

Ekologiya bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri. Yildan-yilga atmosferamiz ifloslanayotgani, daraxtlarning ayovsiz kesilishi, cho‘llanish tobora kuchayib borayotgani hamda hayvonlarga bo‘layotgan salbiy munosabat haqida takror va takror gapirildi, ularni oldini olish bo‘yicha turli tadbirlar tashkil etildi. Hali hamon bunaqa tadbirlar davom etib kelyapti. Ikki yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Yashil makon” umummilliy harakatini bunga misol qilib olsak bo‘ladi. Mazkur loyiha doirasida ko‘chatlarning noqulay hududlarga ekilgani va ularning juda ko‘pi qurib qolayotgani haqida bir necha bor ommaviy axborot vositalarida xabarlar eʼlon qilindi. Shuncha qilinayotgan harakatlar besamar ketayotgani haqida juda ko‘p gapirildi. Yaqinda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida hayvonlar bilan bog‘liq voqealar ham jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab bo‘lgandi. Xo‘sh, bugungi ekologiyamiz haqida qachon jiddiyroq o‘ylab ish olib boramiz? Qog‘ozdagi hisobotlardanmas, real natijalar bilan qachon maqtana olamiz? Zamon.uz mazkur mavzu doirasida soha mutaxassislarining fikrlariga quloq tutdi.
Ekologik targ‘ibotni har kuni amalga oshirishimiz kerak — Nargis Qosimova, ekojurnalist
Afsuski, O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shavqatsizlik juda ham kuchli. Bu avvalo odamlarning tarbiyasi bilan bog‘liq. Bizda hozir qimirlagan jonivorni o‘ldirish kerak degan tushuncha mavjud. Oxirgi paytlar juda shov-shuv bo‘lgan Chiroqchidagi ayiq voqeasini olaylik. U hech kimga zarar yetkazmagandi. Bechorani mashina bilan quvishdi, bosmoqchi bo‘lishdi va oxir-oqibat otib o‘ldirishdi. Tabiat resurslari vazirligi buni oldini olishi mumkin edi. Agar odamlarimizda ozgina shafqat bo‘lganida, bu jonivor ham yashashga haqqi bor degan tushuncha bo‘lganida edi, aslo bunday holatga yo‘l qo‘yishmasdi. Ayiqni otib o‘ldirgan shaxslar o‘zlarini oqlamoqchi bo‘lishyapti. Ayiq jasadi tekshirish uchun Qarshiga olib kelinganida Chiroqchidagi shahar veterinariya pechida kuydirilgani maʼlum bo‘ldi. Aynan ushbu harakat jinoyat ishlarini yashirishga bo‘lgan urinish hisoblanadi. Yoki, Buxorodagi eshakning quloqlarini kesib tashlashgani ham yana bir shafqatsizlikka yorqin misoldir. U jonivor mabodo egasi ozuqasiz qoldirgan taqdirda ham o‘zini qornini to‘ydirib yuraveradi. Hech kimga zarari tegmaydi. Biroq, Buxoroda vahshiyona tarzda eshakning quloq va dumlarining kesib tashlanishi odamlarning hayvonlarga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatib turibdi. Bugun eshakni qulog‘ini kesgan odam, ertaga bolalarini do‘pposlaydi, xotiniga pichoq o‘qtaladi, boshqa tirik jonivorni so‘yadi va bundan lazzat oladi. Bunday vahshiy insonlarning ko‘paygani jamiyatning inqiroz yoqasiga yetib kelganini ko‘rsatadi. Tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirmas ekanmiz, bolalarimizni tabiatga mehrli qilib tarbiyalamas ekanmiz zo‘ravonlik halqasini uzolmaymiz. Ayiqni o‘ldirgan shaxslar oddiy jarima bilan qutulib ketmasligi kerak, ular kamida ikki yilga ozodlikdan mahrum etilishi lozim. Chunki, qo‘ng‘ir ayiqlar O‘zbekistonda juda ham kam qolgan va qizil kitob kiritilgan noyob tur hisoblanadi.
“Yashil makon” umummilliy harakati mana ikki yildan beri amalga oshirilmoqda. Undan avval “Yuksalish” umummilliy harakati doirasida bir million daraxt aksiyasi yo‘lga qo‘yilgandi. Ammo natijasi judayam-judayam achinarli holatda. Bir million daraxt aksiyasida ham “Yashil makon” umummilliy harakatida ham 70-80 foiz ko‘chatlarning qurib qolgani qayd qilingan. Ko‘zbo‘yamachilik holatlariga guvoh bo‘lgandik. Misol uchun, quruq cho‘pni yerga suqib ketish va son uchun ishlash kabi holatlarni aytishimiz mumkin. Nima uchun shunaqa qilamiz umuman tushunmayman. Nima uchun biz o‘zimiz yashab turgan vatanimizga o‘z mehrimizni bermaymiz. “Yashil makon” loyihasi doirasida Prezidentimiz har bir daraxtni o‘z egasi bo‘ladi deya taʼkidlagandi. Hamda ularni doimiy sug‘orish shart ekanligini aytib o‘tgandi. Hozir olib borilayotgan ishlardan ko‘rishimiz mumkinki, avvalgi ko‘zbo‘yamachiliklar yana davom etmoqda, son uchun ishlanmoqda. Mazkur loyiha bitta prezidentimizga kerak emas, bu o‘zimizga kerak. Mana shuni anglab yetkanimizda O‘zbekiston hozir o‘rmonzor bo‘lib ketgan bo‘lardi. Toshkent shahrining havosi dunyodagi eng iflos bo‘lgan shaharlardan biri ekanligini takror-takror gapiramiz. Bunday holatga kelishiga avvalo o‘zimiz sababchi bo‘ldik. Qanchalik daraxtlarni ko‘paytirsak, birinchidan ular nafaqat kislorod bilan taʼminlaydi, ikkinchidan havodagi turli is gazlari va changlarni ushlab qolish xususiyatiga ega. Yashillik indeksi O‘zbekistonda juda ham past. Ko‘zbo‘yamachiliklarni oldi olinmas ekan, mana shu ekilgan daraxtlarga kimdir egalik qilmas ekan shuncha moddiy mablag‘lar evaziga amalga oshirilayotgan qo‘shtirnoq ichidagi “Yashil makon” umummilliy harakati o‘zining ijobiy natijasini bermaydi. Aholining ekologiyaga bo‘lgan munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirishimiz kerak. Bizda hamma narsa kuch bilan qilinadi. Tabiatga zarar yetkazganlarni umuman kechirmaslik kerak. Toshkentdagi atmosfera iflos havodan saqlaydigan niqoblarni kiyib yursa bo‘ladigan darajaga yetib keldi. Bu judayam dahshatli holat. Daraxtlar bo‘yicha biolog yo‘q, botanik yo‘q. Ular vahshiyona tarzda kallaklanib tashlanadi va asta-sekin quritiladi. Ko‘p qarshiliklarga qaramay quruvchilar tomonidan kesib tashlanadi. Hamda ular uchun uncha katta bo‘lmagan jarima belgilanadi va afsuski, Tabiat resurslari vazirligi faqat jarima undiruvchi organga aylanib qolmoqda. Ekologik targ‘ibotni har kuni amalga oshirishimiz kerak. Bu targ‘ibot barcha ijtimoiy tarmoqlarda, nashrlar va televidenyada namoyish etilishi zarur.
“Odamlarning tirik jonivorlarga o‘zining mulkidek qarashi juda ham noto‘gri” — Moʻtabar Xushvaqtova, ekojurnalist
Chiroqchida yuz bergan xabarni o‘qiganimizdan keyin men va mening auditoriyam juda ham taʼsirlandik. Bizning aholida hayvonga nisbatan shunday fikr bor: yoki u qandaydir foyda keltirishi yoki go‘sht bo‘lishi kerak. Eshak va ayiq bilan bo‘lgan hodisa buni isbotlaydi. Odamlarning barcha tirik jonivorlarga o‘zining mulkidek qarashi juda ham noto‘gri. Men buni qoralayman va bundan nafratlanaman. Taklifim hayvonlarni himoya qiladigan tashkilot ochilishi kerak va uning faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilishi lozim. “Yashil makon” loyihasi qog‘ozda juda ham zo‘r loyiha. Amalda esa o‘z natijasini bermadi. Chunki, bizni hududga mos bo‘lmagan daraxtlar ekildi. Masalan, archani bunga misol qilib olishimiz mumkin. Archa asosan tog‘li hududlarda o‘sadi. Bizni yerimizga va hududimizga mos daraxtlar ko‘p. Misol uchun chinor, terak, eman daraxtlarini aytishimiz mumkin. Mazkur loyihani amalga oshirishda kuchli mutaxassislarning fikrlarini o‘rganish kerak edi. Yana bir tomoni nimaga aynan qurib qolishi mumkin bo‘lgan daraxtlar ekildi. Sababi, bu kimnidir foydasi uchun. Misol uchun, ro‘yxatga mana shuncha daraxt oldik, shunchasi qurib qoldi deb kimdirlar ana shu qurib qolgan daraxtlarni pulini o‘zlashtirishlari mumkin. Yigarma yil oldin Toshkent yashil shahar deb nomlanardi. Chunki, rostan ham o‘zim eslayman mahallamizda juda katta-katta daraxtlar bo‘lardi. Yoz oylari issiqdan qiynalib soya qidirmaganmiz. Kuni kecha meni o‘zim yashaydigan hududda daraxtlarning qurigan shoxini kesaman deb o‘zini kesib ketishibdi. Umuman ekologiya buzilib ketganining asosiy sababi daraxtlarni kesilishi va qurilishni ko‘payishi. Chunki, mana shu ifloslangan havoni faqat daraxtlar saqlay oladi. Boshqa hech narsa tozalay olmaydi. Biz esa daraxtlarni kesyapmiz buni orqasidan qanday qilib yaxshi ekologiya kutish mumkin. Bu haqida gapirish kerak. Gapirmasdan o‘tirish noto‘g‘ri. Balandparvoz gaplarni gapirmasdan, yechim beradigan gaplarni gapirish zarur. Ekologik targ‘ibotlarni har kuni qilishimiz lozim. Buni yoritish uchun esa yetarlicha imkoniyatlarga egamiz. Ekologik targ‘ibotni kutish yoki, rejalashtirish kerak emas, uni ayni vaqtda boshlashimiz shart. Chunki, qancha tez boshlasak shuncha yaxshi. Hamda buni o‘zimiz uchun qilamiz. Tabiat bu siz. Biz esa daraxtlarsiz yashay olmaymiz. Demak mazkur targ‘ibotni tabiat uchun qilmasangiz o‘zingiz uchun qilishingiz kerak.
“Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda”
Tabiat resurslari vazirligi mutaxassislari mazkur holatlar bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali 38 yoshli erkak eshak tomorqa yeriga zarar yetkazganligi sababli uning ikki qulog‘ini kesgan. Jonivor ko‘p qon yo‘qotishi natijasida halok bo‘lganligi to‘g‘risida xabar berildi. O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga binoan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, yaʼni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, —bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.Ushbu jazo choralariga qaramasdan fuqarolar tomonidan hayvonlarni azoblash va o‘ldirish amaliyoti kuzatilmoqda.
Shuning uchun Tabiat resurslari vazirligi tomonidan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishning jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif berildi va 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga 2021-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 25 avgustdagi O‘RQ-711-sonli Qonuniga asosan) kiritildi. Mazkur moddaga binoan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, yaʼni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha ozodlikni cheklash yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. Hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish fuqarolar maʼnaviy va axloqiy tarbiyasining muhim shakli bo‘lib, jamiyatda qaysidir maʼnoda axloqiy normalar buzilishining oldini oladi. Shuning uchun, hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatni maktablarda, kasb-hunar bilim yurtlarida va oliy taʼlim muassasalarida bosqichma-bosqich shakllantirish shuningdek, keng jamoatchilik orasida doimiy ravishda tushuntirish ishlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq,
Shu bilan birga, mavjud muammolar yuzasidan jamoatchilikning fikrini, shuningdek xalqaro tajribani hisobga olgan holda, kelgusida “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risi”dagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish lozim.
Joriy yil bahor mavsumida respublika hududlarida 125 mln dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekish rejalashtirilgan bo‘lib, “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan maʼlumotlarga asosan mavsum boshidan bugungi kunga qadar 127 mln 729 ming dona ekilgan ko‘chatlar tuman (shahar) ekologiya organlari tomonidan elektron platformaga kiritilib, belgilangan reja 102,2 foizga bajarilmoqda.
Shundan:
— ihota daraxtzorlar barpo etiladigan hududlarda 9 million 405 ming dona;
— avtomobil yo‘llari yoqasiga 2 mln 697 ming dona;
— maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida 4 mln 133 ming dona;
— tuman (shahar) QFY, MFY va boshqa obyektlar hududlarida
— 35 mln 492 ming dona;
— oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida 2 mln 288 ming dona;
— fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida 32 mln 566 ming dona;
— korxona va xizmat ko‘rsatish obyektlari hududlariga 21 mln 181 ming dona;
— tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalari obyektlarida 17 mln 457 ming dona;
— sog‘liqni saqlash muassasalari hududlarida 2 mln 513 ming dona ko‘chatlar ekildi.
Jamshidbek Amirov tayyorladi







