Toshkentda 17 yoshli qizga ko‘chada tegajog‘lik qilindi
Holat yuzasidan shahar IIBB maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan qizga nomaʼlum shaxs tegajog‘lik qilgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, 19 aprel kuni soat 12:50 larda 2005 yilda tug‘ilgan Z.B. Mirobod tumani Inoqobod ko‘chasida uyiga qaytayotgan vaqtida orqasidan 1997 yilda tug‘ilgan Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi O.O. kelib, quchoqlab, yuzidan o‘pib qo‘yib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida O.O. ushlangan.
Tekshiruv jarayonida O.O. tomonidan Z.B.ning hech qanday buyumlari olib qo‘yilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
“Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, — deyiladi xabarda.








