Xalqaro Ona yer kuni qanday paydo bo‘lgan?
Bayram tarixi 19 asrga borib taqaladi va u fermer faoliyati bilan bog‘liq.

Insonlarni atrof-muhitga eʼtiborli bo‘lishga undash maqsadida har yili 22 aprelda Xalqaro yer kuni (Earth Day) nishonlanadi. 22 aprel toza suv, toza tuproq, toza havo bayramidir. Chunki shu kuni sayyoramizda sodir bo‘lgan ekologik halokatlar yodga olinadi. Odamlar mavjud ekologik muammolarni qanday bartaraf etish lozimligi borasida o‘ylab ko‘radilar.
Aslida Yer kuni ko‘plab mamlakatlarda bahorgi teng kunlik bo‘lmish 21-22 mart kunlari bayram qilinadi.
Bayram tarixi 19 asrga borib taqalishi aytiladi. Jon Djulius Sterling Morton ismli biolog va fermer Nebraska shtatiga kelganida bir qator muammolar bilan to‘qnash keladi. Daraxtlar qurilishda ishlatilgani bois ayovsiz kesilgani uchun hudud dashtga aylangandi. Shu sababli Jon Djulius Sterling Morton aholiga murojaat qilib, mintaqani ko‘kalamzorlashtirish taklifi bilan chiqadi. O‘shanda Nebraska shtatiga 1 millionga yaqin ko‘chat ekilgan edi. U “Daraxtlar kuni” deya eʼlon qilinadi. Jon Morton 22 aprelda tug‘ilgani bois uning sharafiga shu kunni “rasmiy bayram sifatida eʼlon qilish kerak” degan taklif berildi. Bu tashabbusga nafaqat AQSH, balki boshqa davlatlar fuqarolari ham qo‘shildi.
Ilk bor Yer kuni 1970 yil aprelda AQSHda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shanda bayram muvaffaqiyatli bo‘lgani bois tashkilotchilar muntazam ravishda Yer kunini nishonlashga qaror qilishdi. Taniqli amerikalik siyosatchi va senator Geylord Nelson bir guruh talabalarni to‘plab bu g‘oyani targ‘ib qila boshladi. Guruhga Garvard universitetining talabasi Dennis Xayes boshchilik qildi. O‘sha paytlarda talabalar harakati juda ham ommalashgani bois ularning tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
To‘g‘ri ularda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun tajriba va mablag‘ deyarli yo‘q edi. Shu sababli ilk tadbirlar maktablarda o‘tkazilardi. Geylord Nelsonning taʼbiri bilan aytganda Yer kuni o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qoldi. 1971 yilda senator Nelson Yer haftasini eʼlon qildi. Bu tadbir aprel oyining uch haftasi mobaynida o‘tkazildi. Buni AQSH aholisi bajonidil qo‘llab-quvvatladi.
Siyosiy va ommaviy faollik tufayli AQSHda atrof-muhit muhofazasi yo‘lida ko‘plab qonun va boshqa hujjatlar qabul qilindi. 2009 yil BMT Bosh Assambleyasi har yili 22 aprelda Xalqaro Ona Yer kunini nishonlash borasida rezolyutsiya qabul qildi. O‘shanda bu tashabbus 50 dan ortiq mamlakat tomonidan ilgari surilgan va boshqa davlatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangandi. 2010 yildan boshlab har yili 22 aprelda bu bayram xalqaro miqyosda nishlonlab kelinmoqda.
Ayni damda Yer bayrog‘i ham qabul qilingan. To‘g‘ri, bu bayroq norasmiy sifatida ko‘riladi. Yer bayrog‘i fazodan suratga olingan yer sharini eslatadi. Yer kuni nishonlanar ekan, bir qator mamlakatlarda insonlarni tinchlikka chaqirish va sayyoramizning go‘zalligini saqlab qolishga undash maqsadida “Tinchlik qo‘ng‘irog‘i” chalinadi. Tinchlik qo‘ng‘irog‘i do‘stlik, tinch hayot, xalqlar o‘rtasidagi birdamlik, xotirjamlik ramzi sanaladi. Bundan tashqari, yer yuzidagi hayotni, tinchlikni, insonlar hayoti va madaniyatini saqlashga daʼvat timsoli hamdir.
Birinchi Tinchlik Qo‘ng‘irog‘i 1954 yilda BMTning Nyu Yorkdagi qarorgohi oldiga o‘rnatilgandi. Bu qo‘ng‘iroq yer yuzidagi bolalar tomonidan to‘plangan tanga pullar va taniqli kishilarning orden, medallaridan yasalgan. Qo‘ng‘iroqda “Yashasin dunyodagi tinchlik” degan so‘zlar yozilgan. 1996 yilda bu kabi qo‘ng‘iroq BMTning Venadagi qarorgohiga ham o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, 22 aprelda oddiy bayram emas, balki global ahamiyatga ega Xalqaro Ona yer kuni nishonlanadi. Xalqaro Yer kunining nishonlanishi Yer va uning ekotizimi insoniyatning umumiy uyi ekanligining tan olinishini anglatadi. Ona yer iborasining o‘ziyoq insonning yerga bog‘liqligining tan olinishidir.
Yer shari — bizning uyimiz, bizning Onamiz. Shu sababli ham uni asrashimiz kerak. Chunki bugun farzandlarimiz, kelajakda esa avlodlarimiz ifloslangan suv ichib, ifloslangan havodan nafas olib yashashlariga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.
Sharofiddin To‘laganov tayyorladi








