Prezident Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri va Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Suhbat davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Xalqaro investitsiya forumi doirasida Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadni qabul qildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning birinchi galdagi chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi kooperatsiyani tubdan kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqin oylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, chuqurlashgan sanoat kooperasiyasi uchun mo‘ljallangan tuzilma shartlarini tez fursatda kelishish va faoliyatini boshlash muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan bilan o‘tkazgan uchrashuvda joriy loyihalarni amalga oshirish masalalari va sheriklikni tubdan kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning “yashil” energetika tarmog‘i rivojiga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan ushbu kompaniya bilan hamkorlik sermahsul bo‘layotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Suhbat chog‘ida kooperatsiyani yanada chuqurlashtirish, birinchi navbatda innovatsion loyihalarni, shu jumladan O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi doirasida ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.







