Salkam 5 000 dollarga PUBG profilini sotib, uni bermagan shaxs ushlandi
Jinoiy xatti-harakatlarni 16 yoshli yigit sodir etgan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining aniqlashicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi voyaga yetmagan 16 yoshli T.J. Telegram orqali PUBG o‘yinining profilini 7 000 AQSH dollariga sotishi haqida reklama joylashtirgan. Shundan so‘ng, profilini o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi 14 yoshli I.S.ga sotishiga kelishib, undan jami 4450 AQSH dollar miqdoridagi pullarni o‘ziga tegishli bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib olgan. Ammo, I.S.ga o‘yindagi profilini bermasdan, undan olgan pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan T.J.ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.







