Omon Matjon byusti atrofidagi noroziliklarga sabab nima?
Tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masala yuzasidan Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonga o‘rnatilgan byust yuzasidan norozilik murojaati tarqaldi. Shoirning shogirdlari va qator ijodkorlar byust umuman Omon Matjonga o‘xshamaganini, uni almashtirish kerakligini yozishmoqda.
“Zabardast so‘z sehrgari Omon Matjon byusti suratini ko‘rib hayron-u lol bo‘lib qoldik. Yo‘q, byust unga mutlaqo o‘xshamabdi. Tund, beparvo, loqayd, badqovoq... Aslida Omon aka siyrati va surati go‘zal inson edi. Qayg‘u chekkanida ham kulimsirab turardi. Fikrimizcha, byustni tezroq olib tashlab, boshqa haykaltaroshga buyurtma bermoq darkor. Xorazmda Shavkat Usmonov kabi mohir haykaltaroshlar ko‘p-ku?!”, — deyilgan murojaatda.
Shuningdek, unda Omon Matjonning haykali poytaxtdagi “Adiblar xiyoboni”ga ham qo‘yilishi kerakligi haqida yozilgan. “Qolaversa, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning haykali “Adiblar xiyoboni”da ham qad rostlamog‘i lozim. Chunki u kishimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovdan isteʼdod jabhasida zarracha kam emas”.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayevaning maʼlum qilishicha, byust 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” arafasida almashtiriladi.
“Ustoz shoirimiz Omon Matjonning byusti haqida kuyinchaklik qilayotgan azizlarimiz aslo xavotir chekmasinlar. Ayni kunda ustozning yangi byusti tayyor. 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” arafasida byust almashtiriladi. Ustoz shoirimizning oldingi byustidan o‘zimiz ham xijolatdamiz. Ammo farzandi Diyorbek shunda ham mamnun bo‘lib ketganlar. Jonkuyarlik bilan fikr va eʼtiroz bildirgan qadrli insonlarga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz”, — dedi u.







