O‘zbekistonda qizamiq ko‘payyaptimi?
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlarga rasmiylar izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni ortayotganligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Holat bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, hozirda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib turibdi. 2022 yil yakuni bo‘yicha dunyo bo‘yicha 155 ming holatda qizamiq kasalligi ro‘yxatga olingan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida faol olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida O‘zbekistonda 37 nafar bemorlarda qizamiq kasalligi tasdiqlangan.
Qizamiq kasalligi bo‘yicha murakkab epidemik vaziyatni oldini olish maqsadida respublikada 2022 yilning 16 noyabr – 30 dekabr kunlari 6 oylikdan – 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlashlar o‘tkazilgan. Emlash tadbirlari natijasida rejadagi 3 355 900 nafar bolalarning 3 303 582 nafari yoki 98.4 foizi emlash bilan qamrab olingan va hozirda ham emlash ishlari davom ettirilmoqda.
“Hozirda respublikada kasallikka qarshi barcha zarur profilaktik choralar ko‘rilmoqda, epidemik vaziyat barqaror va to‘liq nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.








