Yangiyo‘lda Matiz mast erkakni urib yubordi
Shundan so‘ng piyoda shifoxonaga yotqizilgan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida Matiz haydovchisi yo‘ldan o‘tayotgan piyodani urib yubordi. Holat yuzasidan viloyat IIBB YHXB maʼlumot berdi.
Hodisa 27 aprel kuni soat 17:30 larda Yangiyo‘l shahar Samarqand ko‘chasi Dehqon bozori qarshisida yuz bergan. Namangan viloyatida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan R.R. yo‘lning piyoda uchun belgilanmagan qismidan yugurib o‘tayotgan vaqtida shu ko‘cha bo‘ylab harakatlanib kelayotgan haydovchi — 1986 yilda tug‘ilgan A.X. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashinaning chap yon qismiga urilgan.
YTH oqibatida piyoda turli xil yengil tan jarohatlari olib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shifokorlarning maʼlum qilishicha, piyoda yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida mast holda bo‘lgan.
Hozirda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








