Gollivud ssenaristlari ommaviy ish tashladi
Bu yangi teledasturlar, seriallar va filmlar ishlab chiqarishni to'xtatishga olib kelishi mumkin.

Gollivud ssenariynavislari mehnat sharoitlarini yaxshilash va ish haqini oshirish borasida kinostudiyalar bilan kelisha olmagani uchun 15 yil ichida birinchi marta ish tashlashga kirishdi.
CNN xabar berishicha, ish tashlash yangi teledasturlar, seriallar va filmlar ishlab chiqarishni to'xtatishga olib kelishi mumkin.
Amerika Yozuvchilar uyushmasi va "Amazon", "Apple", "Disney", "NBC Universal", "Netflix", "Paramount Global", "Sony va Warner Bros" kabi sanoat gigantlarini o'z ichiga olgan Kino va televideniye prodyuserlari alyansi o'rtasidagi 2020-yilgi shartnoma seshanba kuni tugaydi. 750 betdan iborat hujjatda aslida kasaba uyushmasi bo‘lgan gildiya a’zolarining eng kam ish haqi miqdorigina emas, balki ularning faoliyati bilan bog‘liq barcha huquqiy masalalar ham ko‘zda tutilgan.







