Toshkentga yangi olib kelingan avtobus tom qoplamasi tushib ketdi
Holat bo‘yicha rasmiylar izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahriga yangi olib kelingan “King Long” rusumli avtobusning tom qismida joylashgan qoplama tushib ketganligi aks etgan rasmlar tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Holat soat 9:00 da “Yunusobod-6”–“TTZ ASHB” yo‘nalishda harakatlanayotgan avtobus Yunusobod tumanida joylashgan “Billur” to‘yxonasining ro‘parasida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘lakda harakatlanib ketayotgan vaqtida yuz bergan. Yo‘lning qatnov qismiga shakl bo‘lib o‘sgan katta (diametri taxminan 50–60 sm) daraxt avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasiga teggan va himoya qoplamasini qo‘porib yuborgan. Hodisa oqibatida avtobusning tom qismi texnik shikastlangan.
“Hozirda ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilinib, kamchiliklar bartaraf etilganligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.








