Nemolchi.uz loyihasi muallifi O‘zbekistonni vaqtincha tark etdi
Irina Matviyenkoga nomaʼlum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgan.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko unga nomaʼlum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgani sababli O‘zbekistonni vaqtincha tark etganini maʼlum qildi. U bu haqda huquq-tartibot idoralariga ham ariza bilan murojaat yo‘llagan.
O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko o‘zining Facebook‘dagi sahifasida unga o‘lim bilan tahdid qilingani, shu sababli bir muddat mamlakatni tark etganini bildirdi.
«O‘lim bilan tahdid qilinganidan keyin xatti-harakatlarim o‘zgardi. Men buni kimningdir ahmoqona hazilidek qabul qilishga harakat qildim, lekin podyezdga kirish, koridor bo‘ylab ofisga borish qo‘rqinchli bo‘lib qoldi. Ichkariga kirib, qo‘limda uchi tashqariga qaragan (yo‘naltirilgan) kalit bilan masofadan turib har bir burchakni ko‘zdan kechirdim. Zinadan liftda emas, piyoda yuqoriga va pastga tushib chiqdim. Erimdan maydonchamizga chiroq o‘rnatishni, umumiy eshikka qulf osib qo‘yishini so‘radim», — deb yozadi u.
Muallif tahdidli xabarlarni psixologga ko‘rsatgan, u xabarning yozilish uslubini ruhiy kasal odamnikiga o‘xshash deb baholagan.
Irina Matviyenko psixolog bilan maslahatlashganidan so‘ng O‘zbekistondan bir necha haftaga Gruziyaga ketishga qaror qilgan. «Men, albatta, tez orada qaytib kelaman deb o‘ylayman. Hozircha xavfsiz joyda tinchlanib olishim kerak», — deya xulosa qildi u.
Irina Matviyenko izohida, shuningdek, 28 aprel kuni tahdidlar kelib tushgani yuzasidan IIVga murojaat qilganini aytgan.







