Prezident Hukumatlararo komissiya hamraisini qabul qildi
Uchrashuvda O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasini taʼsis etish rejasi qo‘llab-quvvatlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraisi, Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegati Olivye Besht boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekistonda Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surish va jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida vazir Olivye Besht Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning samimiy salomi va shaxsiy maktubini yetkazdi.
Davlati rahbari bugun kunning birinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda “Medef” harakati ishbilarmonlar missiyasi joriy yil aprel oyida mamlakatga amalga oshirgan tashrifning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
“Yashil” iqtisodiyot, qazib chiqarish tarmog‘i, turizm infratuzilmasi va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan strategik loyihalar izchil borayotgani qayd etildi.
Fransiya kompaniyalarida shaharsozlik, transport, to‘qimachilik sanoati, yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi ortib bormoqda.
O‘zbekiston yetakchisi O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasini taʼsis etish va ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini joriy etish borasidagi rejalarni qo‘llab-quvvatladi.








