Samarqand aeroportida samolyotlarni qabul qilish cheklandi
Shuningdek, ayrim reyslar parvozi kechiktirilgan.

Samarqand xalqaro aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklov kiritildi. Bu haqda “Uzbekistan airports” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, noqulay ob-havo sharoiti va kuchli do‘lga qarshi tadbirlar munosabati bilan mahalliy vaqt bilan soat 10:45 dan 18:45 gacha havo kemalarini qabul qilish hamda jo‘natish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan.
Silk Avia aviakompaniyasining Toshkent–Samarqand–Urganch yo‘nalishi bo‘yicha US105 reysi uchishi bir necha soatga kechiktirilgan — jadvalga ko‘ra, uchish soat 12:00 ga belgilangan edi.
“Kechiktirilgan reyslar yo‘lovchilari Toshkent, Samarqand va Urganch aeroportlari terminallariga joylashtirilib, ovqat bilan taʼminlanmoqda”, — deyiladi xabarda.








