"Mening yo‘lim" loyihasi g‘oliblari eʼlon qilindi
Jami 517 ta loyiha g‘olib deb topildi.

7 may kuni soat 18:00 da «Ochiq byudjet» axborot portalida eʼlon qilingan «Mening yo‘lim» loyihasining 2023 yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakunlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha tuman (shahar) byudjetlarida hududiy ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50 foiz qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirilishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgandi. Ushbu mavsum uchun respublika bo‘yicha 10 317 ta tashabbusli taklif kelib tushgan.
Loyihada jami 517 ta loyiha g‘olib deb topildi, endi ularga 412 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Ovoz berish jarayonida respublika bo‘yicha 8 million 93 ming 918 nafar fuqaro ishtirok etdi. Xuddi "Open byudjet" loyihasida bo‘lganidek, joylarda fuqarolar bayram qilishni boshlab yubordi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda takliflari g‘olib deb topilgan fuqarolarning bayram qilayotgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin. Ular ko‘chalarda to‘planib, karnay-surnay hamda baland musiqa sadosiga raqsga tushmoqda.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, ushbu jarayonlarda eng ko‘p g‘olib loyihalar quyidagi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi:
-
Toshkent viloyati (55 ta);
-
Qoraqalpog‘iston Respublikasi (54 ta);
-
Samarqand viloyati (40 ta);
-
Andijon viloyati (40 ta).
Vazirlikning qayd etishicha, g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika bo‘yicha 412 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.







