Toshkent viloyatida talaba yigit 3 yilga qamaldi
U Telegram orqali taʼqiqlangan diniy material tarqatgan.

Toshkent viloyatida ijtimoiy tarmoq orqali nashida tarqatgan talaba yigit ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, J. U. Telegram profili orqali o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga daʼvat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar aʼzosi bo‘lgan guruhga tarqatganligi aniqlangan. Shu bois unga tegishli iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasida taqdim etilgan materialdagi maʼlumotlar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi qayd etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi hukmiga ko‘ra, J. U.ga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 57-modda (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.








