Toshkentda Coffee&Tea festivali boshlandi
Unda 30 dan ortiq qahva, qandolatchilik va choy do‘konlari qatnashadi.

Bugun, 12-may kunidan Toshkent shahridagi Xalqlar do‘stligi maydonida Coffee&Tea Fest 2023 ikkinchi Toshkent festivali start oldi. Bu haqda shahar hokimligi xabar bermoqda.
Festivalga tashrif buyurganlar nafaqat qahva va choy, balki kakao, smuzi, limonadlar kabi mualliflik ichimliklarini tatib ko‘rishlari, eng yaxshi ishlab chiqaruvchilardan qahva donlarini va yaqinlar uchun qiziqarli sovg‘alarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, festival doirasida turli mahorat darslari, ma'ruza va seminarlar bo‘lib o‘tadi. Ularda nafaqat soha mutaxassislari, balki havaskorlar ham ishtirok etishi mumkin.
Xalqlar do‘stligi maydonida 30 dan ortiq qahva, qandolatchilik va choy do‘konlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, mehmonlarga qahva va choyni uy sharoitida professional darajada damlash, uy uchun qahva texnikasini tanlash kabi masalalarda tavsiya berishadi.
Festival oqshomlarida mehmonlarni osmon ostidagi kino namoyishlari, eng yaxshi didjey, stendap qiziqchilar va djaz ijrochilarining chiqishi kutmoqda.








