Yangiyo‘llik erkak farzandini nima uchun qiynoqqa solgani ochiqlandi
Bu bo‘yicha BP rasmiy bayonot berdi.

Avvalroq Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida erkak kishi o‘z farzandlarini qiynoqqa solayotganligi aks etgan video tarqalgani xabar qilingandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 2022 yilning sentyabr oyida Yangiyo‘l tumani Guliston mahallasida yashovchi 30 yoshli A.N. oilaviy kelishmovchiliklar sabab turmush o‘rtog‘i N.F.dan o‘ch olish maqsadida 2 yoshli farzandini muttasil ravishda turli qiynoqlarga solib, ushbu jarayonni uyali telefon apparatiga videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.
Mazkur holat yuzasidan 2023 yil 13 may kuni Yangiyo‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan A.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.








