Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun qo‘shimcha ovqat qanday tayyorlanadi?
SSV bu bo‘yicha tavsiyalarni eʼlon qildi.

Bir yoshgacha bo‘lgan farzandingiz uchun qo‘shimcha yegulik hozirlayotganda uning qaynatilgan va bug‘da pishirilgan bo‘lishi, tuzsiz va shakarsiz tayyorlanishi, qirg‘ichdan o‘tkazilishi(ezilishi), eng muhimi, yangi mahsulotlar tanlanishiga alohida eʼtibor bering.
Shuningdek, bolani ovqatlantirishda uning qo‘llari tozaligi, taom pishiriladigan qozon va idish tovoqlarning alohida bo‘lishi, kichkintoy ovqatlanadigan likopcha alohida yuvilib, quritilishi, yuvilgan idishlarning usti yopiq bo‘lishini nazorat qilishingiz kerak.
Qo‘shimcha ovqatni boshlashdan oldin pediatr bilan maslahatlashing. Mutaxassis sizga uni nimadan boshlashingizni, qancha miqdorda va go‘dakka necha marta berishingizni aniqlab beradi.
Qo‘shimcha ozuqalar kunlik taomnomaga kiritilgan paytda ko‘krak suti asosiy ovqat bo‘lib qoladi. Bolaning tishi chiqayotgan payti, profilaktik emlashlar o‘tkazgan kunlari, kunning issiq paytida bunday ovqatlarni go‘dakka berishni boshlash maqsadga muvofiq emas.
Qolaversa, yangi qo‘shimcha ovqat berish oralig‘i o‘rtacha 10-12 kun bo‘lishi lozim. Har doim taomlantirish chog‘ida uning haroratiga eʼtibor bering.
Go‘dakka beriladigan yegulik imkon boricha bir marta isteʼmol uchun mo‘ljallanishi zarur.
Bir kun avval tayyorlangan ovqatni isitib berish mumkin emas. Ertalab beriladigan taom kechqurun pishirilmaydi. Qo‘shimcha taomni kunning birinchi yarmida bergan maqsadga muvofiq.








