Chilonzorda qalbaki pul yasab sotayotgan shaxs ushlandi
U 200 ming so‘mlik kupyurani 60 mingdan sotib kelgan.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni ishlab chiqarib sotayotgan fuqaro ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, Uchtepa tumanida yashovchi A.S. 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni tayyorlab, har birini 60 ming so‘mdan sotib kelgan. Tezkor tadbir davomida undan 10 dona 200 ming so‘mlik qalbaki pullar, jami 31 dona A4 formatdagi qog‘ozda chop etilgan 200 ming so‘mlik kupyuralar, rangli printer va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








