O'zbekiston

Prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

“Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch bo‘lib harakat qilishingizga ishonaman”, — deyiladi tabrikda.

Prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy o‘rta taʼlim maktablarining bitiruvchi yoshlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

“Qadrli farzandlarim!

 

Avvalo, mana shu quvonchli ayyomda yetuklik shahodatnomasini qo‘lga olib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Sizlar orziqib kutgan 25 may sanasida mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, qariyb 392 ming nafar yoshlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Ayniqsa, 12 mingdan ortiq bitiruvchilarimiz o‘qishni oltin, 2 mingdan ziyodi kumush medal bilan yakunlayotgani bayram shukuhini yana-da oshirmoqda.

 

Albatta, bularning barchasi nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqealardir.

 

Sizlarni zamonaviy taʼlim olib, kasb-hunar o‘rganib, jamiyatimizda munosib o‘rin egallashingiz uchun yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda.

 

Hech shubhasiz, o‘z bilim va isteʼdodini Vatanimizga munosib farzand bo‘lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog‘lagan siz kabi yoshlar – yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

 

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

 

Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor berayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum. Xususan, Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili deb nom olgan 2023 yilda maxsus davlat dasturini qabul qilib, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni va obro‘-eʼtiborini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

 

Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim maktablari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan birga ko‘plab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat yuritmoqda.

 

Birgina o‘tgan yili 3,2 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 807 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bu yil esa o‘rta taʼlim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berildi.

 

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida keng ko‘lamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, sanʼat va sport to‘garaklariga faol jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.

 

Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida yurtimiz o‘quvchilari joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgani, 6 nafar isteʼdodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani barchamizni xursand qiladi.

 

Shuningdek, o‘quvchilarni maktab davridayoq kasbga ega bo‘lishlari uchun 11-sinfni hayotga yo‘llanma beruvchi sinf deb belgilab, yoshlarga kamida ikkita chet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb o‘rgatish tizimi joriy qilinmoqda.

 

Hurmatli bitiruvchilar!

 

Keyingi paytda O‘zbekiston unib-o‘sib kelayotgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga o‘zingiz tanlagan sohalar bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lish uchun imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

 

Talabalarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, oliy maʼlumot olishini taʼminlash maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy taʼlim shakli faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan monomarkazlar, IT va texnoparklar bunyod etilishi ularning o‘z bizneslari bilan shug‘ullanishiga xizmat qilmoqda.

 

Sizlarning jamiyatda munosib o‘rningizni egallashingiz uchun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ham yaqin ko‘makchi va maslahatchi bo‘ladi. Bunday ezgu maqsad yo‘lida ularning eshiklari doimo sizlar uchun ochiqdir.

 

Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilib, o‘z bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shasiz.

 

Bugun maktabni tugatib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va eʼtiborida bo‘lishini yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman.

 

Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yana-da ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib o‘rningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz.

 

Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: tinimsiz o‘qib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo to‘xtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qatʼiy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz.  

 

Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch bo‘lib harakat qilishingizga ishonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz.

 

Ana shunday sharafli va masʼuliyatli yo‘lda barchangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, shaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman.

 

Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

 

Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!” — deyiladi prezident tabrigida.

 

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

«Centrum Air» yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagaji Istanbulda qoldirib ketildi.

Prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi | Zamon.uz