Rossiyaning “sharqqa burilishi" nihoyasiga yetdimi?
Xalqaro tahlilchilar Markaziy Osiyo Rossiyani mintaqadan siqib chiqarishi haqida istisno qilishmayapti.

Sian shahrida Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari ishtirokida sammit bo'lib o'tdi. U “Taqdiri mushtarak Xitoy-Markaziy Osiyo hamjamiyatini barpo etish yo‘lidagi muhim bosqich” deb nomlanadi. U tarixda bu kabi formatdagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvdir.
Sammit oʻtkazilgan joy ham maʼno bilan tanlangan: dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri boʻlgan, bir vaqtlar Buyuk Ipak yoʻlining bosqichlaridan biri boshlangan Sian shahri. Aynan Xitoyning “Bir kamar va yoʻl” loyihasini ilgari surish uchrashuvning rasmiy mavzusi hisoblanadi.
Ammo shved akademigi va Rossiya boʻyicha ekspert Shtefan Xedlundning fikricha, gap yuklarning tranzit yoʻllari haqida emas, balki Rossiya mintaqadagi taʼsirini amalda yoʻqotganligi va Xitoy uning oʻrnini egallashga tayyorligi haqida ketmoqda.
O‘nlab yillar, balki bir-ikki asrlar davomida Markaziy Osiyoda gegemon bo‘lgan bunday uchrashuvdan Rossiya birinchi marta chetlashtirildi - Vladimir Putin sammitga taklif etilmadi.
Xitoy iqtisodiyoti uzoq yillardan buyon sekinlashmoqda, chunki ichki bozor ham, G'arb mamlakatlari bozori ham Xitoy tovarlari bilan to'yingan va mamlakat yangi bozorlarni izlashi va ularning rivojlanishini rag'batlantirishi kerak.
Rasmiy jihatdan bu Xitoyning dunyo mamlakatlari bilan hamkorligi, Xitoy mahsulotlarini eksport qilishning ishonchli asosiy yo‘nalishlarini yaratish va hamkor mamlakatlar iqtisodiyotini mustahkamlash mexanizmidir.
Yangi Ipak yoʻlining Gʻarbga bir necha yoʻnalishlari bor. Ba'zilari Rossiyadan - Qozog'iston va Mo'g'uliston orqali o'tgan. Ammo G‘arb sanksiyalari sharoitida bu yo‘nalishlar amalda muzlatib qo‘yilgan. Janubdagi variant esa Markaziy Osiyo davlatlari orqali Kaspiy dengiziga chiqish.
Sammit boshlanishidan oldin ommaviy axborot vositalari bu borada Turkmaniston va Qozog‘iston portlarining kengaytirilishi mumkinligi haqida gapirdi.
"Rossiyadan oʻtuvchi shimoliy filial boʻlishi taxmin qilingan yo'l Ukrainada urush boshlanganidan keyin to'xtab qoldi. Bu Rossiya uchun juda yomon yangilik”, — dedi Shtefan Xedlund.
Pekin mintaqa Xitoy uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlamoqda. Pekin Markaziy Osiyoni “Xitoy atrofidagi yagona strategik sheriklik zonasi” deb e’lon qildi.
Rossiya ma'lum darajada mintaqa xavfsizligining kafolati bo'lgan va an'anaviy iqtisodiy aloqalar ham muhim rol o'ynagan. Ammo Ukrainaga keng miqyosli harbiy operatsiyadan keyin bu rolning bajarilishi shubha ostida qoldi. Va misli ko'rilmagan sanksiyalarga duch kelgan Rossiya iqtisodiyoti endi u qadar qudratli emas. Moskva uchun Markaziy Osiyo sanksiyalarni chetlab o'tish yo'llaridan biriga aylandi. 2022-yilda respublikalar Rossiya bilan savdo aylanmasini ham, G‘arb tovarlari importi hajmini ham keskin oshirdi. "Wall Street Journal" ma'lumotlariga ko'ra, ikkala ko'rsatkich deyarli ikki barobarga oshgan.
Yevropa Ittifoqining yangi, 11-to'plami Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o'tishga yordam beradigan uchinchi davlatlarga qarshi sanksiyalarni o'z ichiga oladi, xususan, taqiqlangan tovarlarni reeksport qilish. Va bu ro'yxatda Xitoy ham bor.
Pekin G'arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga ikkilanib qaramoqda. Siyosiy darajada, yuqori rahbariyatning bayonotlari darajasida Xitoy haqiqatan ham Rossiyani qo'llab-quvvatlayotgandek taassurot qoldirishi mumkin.
Lekin amalda xitoylik tadbirkorlar G‘arb tarafini tanlaydilar. Xitoy texnologiya jihatidan ko'p tomonlama AQSh bilan aloqador. Mutaxassislar Moskva manfaati uchun Pekin Vashington bilan munosabatlarni yomonlashtirishiga shubha qilmoqda, Chunki Xitoy o'z manfaatiga qarshi ish qilmaydi.
Stefan Xedlundning so'zlariga ko'ra, sodir bo'layotgan barcha voqealar fonida Moskva faqat tomoshabin bo'lib qilishi mumkin.
“2012-yilda Vladivostokda boʻlib oʻtgan APEC yigʻilishida Vladimir Putin maqsad Xitoy shamolini yelkanlarda ushlab turish ekanligini aytgandi. Menimcha, Rossiyaning “sharqqa burilishi" nihoyasiga yetdi. Endi Rossiya iqtisodiyoti rulsiz va yelkansiz qolib, ochiq dengizda suzmoqda. Xitoyliklar esa yaxshilik qilmaydi. Agar Rossiya bir paytlar Xitoy evaziga hech narsa olmasdan nimadir qiladi, deb ishongan bo'lsa, endi ular bunday emasligini tushunishdi. Rossiya Xitoy haqida saboq olmagan, ammo Xitoy Rossiya haqida saboq oldi. Xitoyliklar tekinga yaxshilik qilmaydi. Xitoyning dunyodagi yagona manfaati - Xitoydir", - deydi Stefan Xedlund.







