Yuqori Chirchiqda erkak sigir sabab tanishini o‘ldirib qo‘ydi
U marhumning o‘g‘liga ham pichoq tirab, tahdid qilgan.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida erkak sigir sabab o‘z tanishini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Millar” informatsion dasturida xabar berildi.
Joriy yilning 22 may kuni Yuqori Chirchiq tumanining “Istiqlol” mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi bo‘lgan erkakni boshqa bir mahallada yashovchi fuqaro pichoqlab o‘ldirgan. Jinoyatni sodir etgan erkak marhum bilan qo‘shni mahallada yashagan.
“Sigirimiz yechilib ketgan edi. Otam olib kelamiz, deb meni chaqirdi. Keyin otamni pichoqlagan odam keldi. Bizga sigirni qayerdan o‘g‘irlab kelyapsiz, dedi. Bizniki ekanligini aytganimizda biz bilan tortishib ketdi. U masjidga tegishli sigir deb o‘ylagan ekan. Uni haydadim, keting, dedim. Pichoq tiqqanidan keyin yugurib kelib 102 ga telefon qildim. Qaytsam, dadam yerda qonga belanib yotgan ekan. Akamga ham pichoq tiradi u kishi”, — deydi marhumning qizi.
Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








