Toshkentda 21 yoshli yigit tergovdan qochishga urinib vafot etdi
U giyohvandlik vositasi bilan qo‘lga tushib, tergovga jalb qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov maʼlumot berdi.
Joriy yilning 22 may kuni tonggi soat 04:30 larda Chilonzor tumanidagi yo‘l patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari tomonidan Gentra rusumli transport vositasi to‘xtatilgan.
Mazkur avtomobil yo‘lovchisi — 2002 yilda tug‘ilgan X.T. o‘z xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otganligi sababli xolislar ishtirokida tekshirilgan va uning yonidan o‘tkir hidli to‘q jigarrang rangidagi modda borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan. X.T. va to‘plangan hujjatlar Chilonzor tumani IIO FMBga topshirilgan.
O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, X.T.ning yonidan topilgan modda 53,52 grammni tashkil qilib, “gashish” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan X.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu kuni taxminan soat 18:50 larda X.T. Chilonzor tumani IIO FMBdagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotgan vaqtida hojatxonaga kirishligini so‘ragan. X.T. 4-qavatda joylashgan hojatxonaga kirgandan so‘ng tergovdan qochib yashirinish maqsadida hojatxona derazasidan pastga sakrashi natijasida bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan (Mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilgan).
Tuman IIO FMB xodimlari X.T.ga zudlik bilan tez-tibbiy yordam ko‘rsatilishini taʼminlash maqsadida RSHTYOIMga olib borilib, unga “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana aʼzolarining gematomasi” tashxisi qo‘yilgan. 29 may kuni X.T. kasalxonada vafot etgan. Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.








