Tamaki mahsulotlari isteʼmoli yiliga 8 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda
Bugungi kunda 120 dan ortiq davlat tasarrufidagi 3 mln gektardan ziyod maydonda tamaki yetishtiriladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, tamaki mahsulotlari isteʼmoli yiliga 8 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Qayd etilishicha, ko‘rsatkichlar yil sayin oshib boryapti.
«Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga halaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga taʼsir qiluvchi alkogol hamda boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi», — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Mirzag‘olib Tillashayxov.
Shu tarzda tamakiga qaramlik shakllanadi.
Olimlarning taʼkidlashicha, chekish taʼsiri ostida organizmda 25 dan ortiq kasalliklar rivojlanishi kuchayadi. Xususan, o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida ilmiy dalillar mavjud. Bugungi kunda yurak-ishemik xastaligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi hamda spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, har bir kashanda bu illat tufayli o‘z hayotini 18 yilga qisqartirishi tadqiq etilgan.
Bundan tashqari, tamakining zaharli tutunidan umri zavol topayotgarlarning 12 foizi bunday mahsulotlarni isteʼmol qilmaydigan kishilar, yaʼni passiv chekuvchilardir. Ular orasida bolalar ham bor. Qolaversa, bu illatning dunyo iqtisodiyotiga yetkazayotgan ziyoni ham katta. JSSTning oxirgi bayonotida mazkur muammo ham raqamlar bilan asoslab berilgan.
Hozirda 120 dan ortiq davlat tasarrufidagi 3 million gektardan ziyod maydonda tamaki yetishtirilyapti. O‘z navbatida, bugungi unda Yer sayyorasi bo‘yicha 300 milliondan ko‘proq odam oziq-ovqat taqchilligi muammosiga duch kelmoqda.







