Toshkentda 16 yoshli bola YTH sodir etdi
U «prava»siz mashina haydab, Lada bilan to‘qnashgan.

Bugun, 2 iyun kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ikkita avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda shahar IIBB YHXB maʼlumot berdi.
Hodisa soat 5:00 larda Yangihayot tumani Toshkent metallurgiya zavodi qarshisida yuz bergan. 2007 yilda tug‘ilgan B.Sh. boshqaruvida bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, harakatsiz turgan Lada bilan to‘qnashib ketgan.
“Matiz avtomashinasining boshqaruvida bo‘lgan haydovchi 16 yoshdagi voyaga yetmagan fuqaro ekanligi hamda avtomashina boshqarish huquqiga ega bo‘lmaganligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
YTH oqibatida Matiz hamda Lada haydovchilari turli tan jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








