Sergelida uylarni suv bosdi
Hududdan oqib o‘tuvchi kanalda suv meʼyordan oshib ketgan.

Bugun, 4-iyun kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida suv toshqini kuzatildi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Sergeli tumani «Junariq» MFY Junariq ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi «Salar» kanalida suv oqimining meʼyoridan oshiq oqishi sababli suvning o‘zandan toshish hodisasi kuzatilgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, «Junariq» ko‘chasida joylashgan 7 ta uy yerto‘lasi, hovlisi va 3 ta ishlab chiqarish sexi hududiga suv to‘plangan.
Zudlik bilan voqea joyiga FVV rahbariyati va Toshkent shahar FVB rahbari boshchiligida qutqaruvchilar yetib borgan. Aholi xonadonlariga suv toshish holati to‘liq to‘xtagan. Maxsus texnikalar va suv tortish moslamasi (motopompa)lar yordamida qoldiq suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, uylarning devorlariga zarar yetmagan.








