Toshkentda YPXdan qochgan haydovchi 2 marta to‘qnashuv sodir etdi
Holat bo‘yicha YHXB maʼlumot berdi.

Bugun, 4 iyun kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida YPX xodimlaridan qochishga uringan haydovchi yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Qayd etilishicha, soat 02:05 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzo Ulug‘bek—Mustaqillik shohko‘chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori serjant X.Abdumutalov haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, 2005 yilda tug‘ilgan K.U. boshqaruvida bo‘lgan ORLANDO rusumli avtomashinasi hushtak va jezl yordamida to‘xtatgan. Haydovchi esa to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan. Uning xatti-harakati xodimlarda shubha uyg‘otganligi sababli orqasidan xizmat avtomashinasida kuzatib borilgan.
YPX inspektori haydovchini zararsizlantirish maqsadida holat bo‘yicha aloqa vositasi orqali keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektori serjant O.Azizovga xabar bergan. YPX inspektori avtomashinalarni harakatini cheklash maqsadida harakatni yopib turgan vaqtida ORLANDO haydovchisi Lacetti rusumli avtomashinasi to‘xtab turganida qasddan oraliq masofani saqlamasdan, uning orqa qismiga to‘qnashuv sodir etgan. Shundan so‘ng chorrahadagi YPX inspektoriga xavf tug‘dirib, qonuniy to‘xtash ishorasiga ham bo‘ysunmasdan, YTH sodir bo‘lgan voqea joyidan qochib ketib, harakatni davom ettirgan.
ORLANDO haydovchisi harakat davomida YPX inspektorlariga bo‘ysunmasdan, svetaforning taqiqlovchi ishoralariga amal qilmasdan harakatlangan va bir necha marta xodimlarning qonuniy to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan va avariyaviy xavfli holat qilib o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti xizmat avtomashinasining yo‘nalishiga xalaqit berib, to‘qnashuv sodir etgan.
Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








