Uchtepada 10 ming dollarga haj vizasini olib bermoqchi bo‘lganlar ushlandi
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 10 ming dollar evaziga haj vizasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Joriy yilning 2-iyun kuni fuqaro T.I. arizasiga ko‘ra Uchtepa tumanida joylashgan “A.K.” MCHJ ofisida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, MCHJ rahbari A.M. va jamiyat xodimlari I.I., M.X.lar bir guruhga birlashib, oldindan jinoiy til biriktirib, fuqaro “T.I.”ning ishonchiga kirib, uni aldab, unga yuqori lavozimda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali 10 000 AQSH dollari evaziga “Haj” ziyoratini amalga oshirish uchun “Haj vizasi” qilib berishni vaʼda qilishgan. Shundan so‘ng ular 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar A.M., M.I., A.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi 2-qismi “B” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borilmoqda.








