Britaniya Mudofaa vazirining nomzodi NATO bosh kotibligiga qo‘yiladi
Rishi Sunak Baydenni uni qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirmoqchi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak shu hafta Vashingtonga safari chog‘ida AQSH prezidenti Jo Baydenni Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning NATO bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirmoqchi.
Sunak AQSHga ikki kunlik tashrifi chog‘ida Oq uyda Amerika yetakchisi bilan uchrashadi. Xabar qilinishicha, Uolles Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xalqaro koalitsiyasini yaratishdagi markaziy roli tufayli AQSHda mashhur. U shuningdek, Buyuk Britaniyaning mudofaa xarajatlarini YAIMning 2,25 foiziga ko‘tardi va yil oxiriga kelib uni 3 foizga yetkazishga harakat qilmoqda.
Alyans bosh kotibi lavozimiga Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas, Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen davogarlik qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, NATOning amaldagi rahbari Yens Stoltenbergning vakolati 2023 yil oktyabr oyida tugaydi va u mandatni yana-da uzaytirish niyatida emas.







