Toshkentdagi akvaparkning ayollar kiyinish xonasiga kamera o‘rnatilgani aytildi
Akvapark maʼmuriyati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan akvaparklardan birining ayollar kiyinish xonasiga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani tasvirlangan video tarqaldi. Akvapark maʼmuriyati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Kompaniya menejeriga ko‘ra, mazkur kamera 12 yildan beri shu joyda turadi.
“Bu kamera o‘g‘irlik holatlari sodir bo‘lganida ko‘rish va shunday keyin ariza berish uchun 12 yildan beri turibdi”, — deydi u.
Shuningdek, uning aytishicha, kamerani faqat ayollar nazorat qiladi hamda erkaklar unga yaqin ham yo‘latilmaydi.
Videokuzatuv erkaklar kiyinish xonasiga ham o‘rnatilgan. Bunga har yilgi tekshiruv davomida ruxsat berilgan va shu vaqtga qadar biror muammo kuzatilmagan. Menejer tekshiruv o‘tkazadigan idora nomini oshkor etmagan.
Poytaxt IIBB ham holatga o‘z munosabatini bildirdi.
"Xodimlarimiz basseynga tashrif buyuruvchilarning foto yoki videolari saqlanishi yoki tarqatilishi bo‘yicha telefonlarni tekshirdi. Hech narsa aniqlanmadi", — deyiladi xabarda.
Akvapark xodimlari bilan basseynga keluvchilarning shaxsiy foto yoki videolarini tarqatmaslikning muhimligi haqida profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
"Basseynning kiyinish xonasida kiyim almashtirish kabinalari bor va u yerda kameralar yo‘q. Kameralar tashrif buyuruvchilarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan shkaflar qismiga o‘rnatilgan", — deyiladi idora xabarida.
Avvalroq Qo‘qon davlat institutining qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatilgani xabar qilingandi.







