Toshkentda elektrobus va Cobalt YTHga uchradi
Hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan.

Bugun, 6 iyun kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘lovchi avtobusi va Cobalt ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB maʼlumot berdi.
Hodisa soat 15:20 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li - G‘azalkent ko‘chalari kesishgan chorrahada yuz bergan. Unda 1958 yilda tug‘ilgan L.S. boshqaruvidagi YUTONG rusumli elektrobus hamda 2003 yilda tug‘ilgan Y.F. boshqaruvidagi Cobalt o‘zaro to‘qnashgan.
YTH oqibatida Cobalt avtomashina haydovchisi olgan tan jarohatlari natijasida tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining saʼy-harakatlariga qaramasdan Y.F. vafot etgan. Shuningdek, Cobalt avtomashinisining 1 nafar yo‘lovchisi ham olgan tan jarohatlari natijasida shifoxonaga yotqizilgan, hozirda shifokorlar nazoratida.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.








