Toshkentda konditsionerni yoqmagan avtobus haydovchisiga chora ko‘rildi
U korxona ichki tartib-qoidalarini buzgan holda harakatlangan.

Toshkent shahrida avtobus konditsionerini yoqmasdan harakatlangan haydovchiga intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Bugun, 7 iyun kuni soat 10:12 lar atrofida 59-sonli yo‘nalish haydovchisi Z.O. o‘z boshqaruvidagi avtobusning konditsionerini yoqmagan holda harakatlangan. “Sergeli 7-mavze” bekatida yo‘lovchilar eʼtirozidan so‘ng sovitish tizimini yoqqan holda harakatlangan.
Ushbu holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ hamda “12-Avtobus saroyi” filiali masʼul xodimlari tezkorlik bilan 59-sonli avtobus yo‘nalishining oxirgi bekati hisoblangan “Do‘stlik - 2 shohbekati”ga yetib borib, yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘lgan haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borgan. Bundan tashqari, haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi belgilangan.
Taʼkidlanishicha, haydovchilar avtobus salonida konditsionerni soat 8:00 dan 19:00 ga qadar yoqqan holda harakatlanishlari belgilangan.








