O‘zbekistonda havo harorati pasayadi
Respublikaga Volga bo‘yi hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi.

O‘zbekistonning g‘arbiy hududlariga 9-11-iyun kunlari Volga bo‘yi hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar berdi.
Unga ko‘ra, ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati 7-10 darajaga pasayadi va kunduzi o‘rtacha havo harorati 30-35 darajani tashkil etadi. Shuningdek, 9 iyun kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shanba va yakshanba kunlari esa mamlakatning markaziy, janubiy va sharqiy viloyatlarda issiq havo harorati biroz pasayadi. Biroq, respublikaning katta qismida haroratning pasayishi shimoliy hududlargidek sezilmaydi. Ushbu hududlarda kunduzgi harorat 33-38 darajagacha pasayadi.
Respublika bo‘yicha dam olish kunigacha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li hududlarda shanba va yakshanba kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, 9-11-iyun kunlari respublika bo‘yicha ayrim joylarda shamol tezligi 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Maʼlum qilinishicha, haroratning pasayishi uzoq davom etmaydi. Xususan, keyingi haftada havo harorati avvalgi 35-40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-42 darajagacha bo‘lgan qiymatlarga qaytadi.







