Shavkat Mirziyoyev Italiyaga tashrifini yakunladi
Shundan so‘ng Prezident Toshkentga jo‘nab ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiya Respublikasiga tadbirlarga boy tarixiy tashrifi yakuniga yetdi.
Davlat rahbari Rimda Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunyuy bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Milan shahrida ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazildi. Prezident Lombardiya gubernatori Attilio Fontanani qabul qildi, Italiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazdi hamda to‘qimachilik mashinasozligi ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlangach, Milanning “Malpense” aeroportida davlat rahbarini Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Prezident Toshkentga jo‘nab ketdi.








